Hisobvaraq operatsiyalarini to‘xtatishga e’tiroz bildirilsa, masala sudda ko‘riladi
Soliq organining bank hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatish qaroriga soliq to‘lovchi e’tiroz bildirsa, masala sud tartibida hal etiladi. Bu 20-oktabrdagi O‘RQ–1183-son qonun bilan belgilandi.
Operatsiyalarni to‘xtatish haqidagi dastlabki qarorni soliq organi rahbari yoki uning o‘rinbosari qabul qilishi mumkin. E’tiroz kelib tushsa, soliq organi e’tiroz taqdim etilgan kundan keyin uch kundan kechiktirmay sudga ariza beradi.
Sud qaror qabul qilguniga qadar hisobvaraq bo‘yicha operatsiyalar to‘xtatib turiladi.
Operatsiyalarni to‘xtatishga sabab bo‘lgan holatlar bartaraf etilsa, soliq organi o‘z qarorini bekor qiladi. Sudning operatsiyalarni to‘xtatishni rad etish haqidagi qarori qonuniy kuchga kirishi ham cheklovni bekor qilish uchun asos bo‘ladi.
Sudga beriladigan arizaga qonunbuzilishni tasdiqlovchi dalillar, soliq to‘lovchiga xabarnoma yuborilgani haqidagi dalil va uning e’tirozi ilova qilinadi.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan kuchga kiradi.