2027-yildan ortiqcha to‘langan QQSni importdagi QQS hisobiga o‘tkazish mumkin bo‘ladi
Yangi nizomga ko‘ra, tadbirkorning soliq organlarida QQS bo‘yicha ortiqcha to‘lovi bo‘lsa, ushbu mablag‘ni tovarlarni import qilishda to‘lanadigan QQSni qoplashga yo‘naltirish mumkin bo‘ladi.
Buning uchun soliq to‘lovchi bojxona yuk deklaratsiyasida QQS summalarini o‘zaro hisobga olish istagini bildiradi.
Shundan so‘ng:
– Bojxona qo‘mitasi ortiqcha to‘lov mavjudligini tasdiqlash uchun Soliq qo‘mitasiga so‘rov yuboradi;
– Soliq qo‘mitasi hisobga olinishi mumkin bo‘lgan summani ma’lum qiladi va dalolatnoma avtomatik shakllantiriladi;
– mablag‘ soliq to‘lovchining bojxona organlaridagi shaxsiy hisobvarag‘ida aks ettirilib, deklaratsiya rasmiylashtiriladi.
Idoralar o‘rtasidagi ushbu jarayonlar avtomatik amalga oshiriladi.
Tartib 2027-yil 1-yanvardan kuchga kiradi.