Sirdaryoda tadbirkorga noto‘g‘ri hisoblangan 1,3 milliard so‘mlik qarzdorlik bekor qilindi
Sirdaryo viloyatidagi «S.G.F.» MChJga kadastr ma’lumotlaridagi texnik muammo sabab 1,3 milliard so‘mlik soliq qarzdorligi noto‘g‘ri hisoblangan. Bu haqda Biznes-ombudsman ma’lum qildi.
Korxonaga ajratilgan 11,2 gektar yer bo‘yicha hokim qarori sud tomonidan 2023-yil noyabrida bekor qilinib, maydon Mirzaobod tumani zaxirasiga qaytarilgan. Biroq eski tizimda ma’lumotlar saqlanib qolgani sababli yer solig‘i hisoblash davom etgan.
Soliq auditi yakunlari bo‘yicha ham korxona zimmasida 645,3 million so‘m qo‘shimcha yer solig‘i, 129 million so‘mdan ortiq moliyaviy jarima va penya to‘lash majburiyati qoldirilgan.
Biznes-ombudsman devoni tadbirkor manfaatini himoya qilib sudga murojaat qilgan. Guliston tumanlararo ma’muriy sudi soliq inspeksiyasining qarorini haqiqiy emas deb topgan.
Yer maydoni kadastr hisobidan chiqarilib, korxonaga nisbatan qo‘yilgan barcha taqiqlar ham bekor qilingan.