Daxlsizlik va immunitetga ega shaxslarga nisbatan ish yuritish tartibi belgilandi
Qonun bilan daxlsizlik va immunitet huquqiga ega shaxslar doirasi, ularga nisbatan ish yuritish tartibi hamda ushbu huquqlarni buzganlik uchun javobgarlik belgilandi.
Daxlsizlikka ega shaxslar qatoriga deputatlar va senatorlar, ombudsman va Bolalar ombudsmani, sudyalar, prokurorlar, tergovchilar, surishtiruvchilar, advokatlar, Markaziy saylov komissiyasi a’zolari hamda nomzodlik davrida Prezidentlikka nomzodlar kiradi.
Prezident Administratsiyasining boshqaruv xodimlari ishdan bo‘shatilganidan keyin besh yil davomida ham daxlsizlikka ega bo‘ladi. Bu kafolat ularning Administratsiyadagi vazifalarini bajarish bilan bog‘liq bo‘lmagan harakati yoki harakatsizligiga taalluqli.
Immunitet Prezidentga, Prezident Administratsiyasining mansabdor shaxslari va ularning oila a’zolariga beriladi. Administratsiyaning boshqaruv xodimlari xizmat vazifalariga oid qarorlari, harakati yoki harakatsizligi yuzasidan, parlament a’zolari esa ovoz berishi va fikr bildirishi uchun immunitetga ega.
Deputatlar uchun tegishli palataning, Administratsiya boshqaruv xodimlari uchun esa Bosh prokuror taqdimnomasi asosida Prezidentning yozma roziligi olinadi.
Bunday shaxslarni ushlab turish va huquqni muhofaza qiluvchi organga olib kelish taqiqlanadi. JPK 221-moddasi 1-bandida ko‘rsatilgan asos bo‘yicha uch soatgacha ushlab turish bundan mustasno. Telefon so‘zlashuvlarini eshitish va yozishmalarni kuzatish uchun sud qarori yoki Bosh prokurorning yozma ruxsati kerak.
Daxlsizlikka ega shaxslarni sud orqali ma’muriy javobgarlikka tortish maxsus tartibda amalga oshiriladi. Immunitetga ega shaxslarga esa sud tartibida ma’muriy jazo qo‘llanmaydi. Ushbu kafolatlarni buzib olingan dalillar nomaqbul deb topilib, ish materiallaridan chiqariladi.
Daxlsizlikka ega shaxsni bila turib noqonuniy ushlab turish, majburiy keltirish, unga nisbatan tergov harakatlarini o‘tkazish yoki bunga topshiriq berish muayyan huquqdan mahrum etgan holda uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Og‘irlashtiruvchi holatlarda besh yildan sakkiz yilgacha qamoq jazosi belgilangan.
Administratsiya mansabdor shaxslari va boshqaruv xodimlarining xizmat vazifalariga oid qarorlari, harakati yoki harakatsizligi oqibatidagi zarar Davlat budjetidan qoplanadi. Bu mablag‘ni ulardan regress tartibida undirish qo‘llanmaydi.