Tabiatda 55 yildan beri deyarli uchramagan noyob ko‘rshapalak O‘zbekistonda ilk bor qayd etildi
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi (O‘zRFA) Zoologiya instituti olimlari xorijlik tadqiqotchilar bilan birga «Janubiy Ustyurt» milliy tabiat bog‘ida turkman uzunquloq ko‘rshapalagini (Plecotus turkmenicus) aniqladi. Bu tur O‘zbekiston hududida ilk bor qayd etildi.
O‘zRFA ma’lumotiga ko‘ra, Markaziy Osiyoda tarqalgan ushbu tur o‘ta noyob va kam o‘rganilgan. U asosan 1970-yilgacha to‘plangan ma’lumotlar va muzey namunalaridan ma’lum bo‘lib, so‘nggi 55 yil davomida tabiatda deyarli uchramagan.
Topilma IUCN amalga oshirayotgan «One Health in Nature Conservation» loyihasi doirasidagi ekspeditsiyada qayd etilgan. Loyiha Germaniyaning Xalqaro iqlim tashabbusi – IKI tomonidan moliyalashtiriladi.