O‘zbekistonning Markaziy Osiyo bilan savdo aylanmasi 3,1 barobar, Ozarbayjon bilan esa 9,5 barobar oshdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 7–9-oktabr kunlari Avazada Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon rahbarlarining sakkizinchi Maslahat uchrashuvi hamda MDH Davlat rahbarlari kengashi majlisi doirasidagi tadbirlarda ishtirok etmoqda.
Shu munosabat bilan Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi O‘zbekistonning ushbu mamlakatlar bilan savdo-iqtisodiy hamkorligiga bag‘ishlangan infografika tayyorladi.
Markaz ma’lum qilishicha, 2025-yilda O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan savdo hajmi 8,3 mlrd dollarga yetdi. Bu 2017-yildagidan 3,1 barobar ko‘p. Mintaqadagi eng yirik savdo hamkori Qozog‘iston bo‘lib, uning hissasiga 5 mlrd dollar yoki mintaqa davlatlari bilan savdoning 60,2 foizi to‘g‘ri kelgan.
2025-yilda mintaqa davlatlaridan 1,3 mlrd dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya va kreditlar jalb qilingan. 2026-yil avgust holatiga ushbu mamlakatlar kapitali ishtirokida 2 538 ta korxona faoliyat yuritgan.
Ozarbayjon bilan savdo 2017-yildagi 32,5 mln dollardan 2025-yilda 307,3 mln dollarga oshgan. O‘zbekistonda Ozarbayjon kapitali ishtirokidagi 503 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Ushbu mamlakatdan 2025-yilda 173,7 mln dollar investitsiya kiritilgan.
Markaz hisob-kitoblariga ko‘ra, uchinchi mamlakatlardan importning bir qismini mintaqa davlatlarining o‘zaro yetkazib berishlari bilan almashtirish orqali Markaziy Osiyodagi ichki savdoni 11,4 mlrd dollarga oshirish mumkin.