O‘zbekiston–Hindiston savdo aylanmasi 9 yilda 4 barobar oshib, 1,3 mlrd dollarga yetdi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi 2026-yil 29–30-avgust kunlari Toshkentga davlat tashrifi bilan keladi. Bu Narendra Modining O‘zbekistonga to‘rtinchi tashrifi bo‘ladi.
Shu munosabat bilan Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi so‘nggi 9 yillik savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik ko‘rsatkichlarini taqdim etdi.
2016–2025-yillarda ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 4 barobar oshib, 1,3 mlrd dollarga yetgan.
O‘zbekistonning Hindistonga eksporti ushbu davrda 4,9 barobar oshib, 164,8 mln dollarni, import esa 4 barobar ko‘payib, 1,1 mlrd dollarni tashkil etdi.
2025-yilda Hindistonning O‘zbekistonga kiritgan investitsiyalari 247 mln dollardan oshdi. 2016–2025-yillarda Hindistondan jalb qilingan investitsiyalarning umumiy hajmi esa 587 mln dollardan ortiq bo‘lgan.
Hozirda O‘zbekistonda Hindiston kapitali ishtirokidagi 439 ta korxona faoliyat yuritmoqda.