Bo‘lajak shifokorlar “5+1” modeli asosida o‘qitiladi, ordinatura o‘rnini rezidentura egallaydi

Asosiy rasm

Prezidentning “Tibbiyot va farmatsevtika sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni (PF–191-son, 10.09.2026-y.) bilan tibbiy ta’lim tizimida qator muhim o‘zgarishlar belgilandi.

2027/2028-o‘quv yilidan “Davolash ishi” bakalavriat ta’lim yo‘nalishi negizida 6 yillik “Umumiy tibbiyot” bakalavriat yo‘nalishi “5+1” modeli asosida tashkil etiladi. Bunda bitiruvchi kurs talabalari bir yil davomida to‘liq amaliyot o‘taydi.

“Umumiy tibbiyot” yo‘nalishi bitiruvchilari umumiy amaliyot shifokori kvalifikatsiyasiga ega bo‘lib, belgilangan tartibda oilaviy shifokor lavozimida faoliyat yuritishi mumkin. Shuningdek, tibbiyot sohasining barcha bakalavriat yo‘nalishlarida bitiruvchi kurs talabalari uchun to‘liq o‘quv yili davomida amaliyot o‘tash tizimi joriy etiladi.

Tibbiyot yo‘nalishlari bo‘yicha davlat buyurtmasi hududlar va tibbiyot tashkilotlarining ehtiyoji, shuningdek, tegishli mutaxassisliklar bo‘yicha kadrlar yetishmovchiligi asosida shakllantiriladi.

Stomatologiya yo‘nalishida talabalar amaliy mashg‘ulotlarini tashkil etish maqsadida tibbiyot oliy ta’lim muassasalariga stomatologiya poliklinikalari biriktiriladi.

Shu bilan birga, tor soha mutaxassislarini tayyorlash tizimi ham o‘zgaradi. Klinik ordinatura negizida xalqaro standartlar asosida davomiyligi tabaqalashtirilgan rezidentura dasturlari bosqichma-bosqich joriy etiladi.

2026/2027-o‘quv yilidan oilaviy tibbiyot yo‘nalishi bo‘yicha rezidentura tashkil etilib, bitiruvchilarga oilaviy shifokor mutaxassisligi beriladi.

2027/2028-o‘quv yilidan esa tor soha mutaxassislarini tayyorlash to‘liq rezidentura orqali amalga oshiriladi va klinik ordinaturaga qabul to‘xtatiladi.

Davlat tibbiyot ta’lim tashkilotlari va tibbiyot muassasalarida tor soha mutaxassislarini rezidenturada tayyorlash davlat granti asosida amalga oshiriladi.

Grant asosida qabul qilingan rezidentlarga Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoriga nisbatan 2,15 koeffitsiyent miqdorida stipendiya to‘lanadi.

Rezidentura ta’lim dasturlarini tamomlagan mutaxassislarga Milliy malakalar ramkasining 7-darajasiga mos keluvchi davlat namunasidagi diplom beriladi.

2027/2028-o‘quv yilidan tor soha mutaxassisliklari bo‘yicha birlamchi va qo‘shimcha ixtisoslashtirish faqat rezidentura orqali amalga oshiriladi.

Magistratura qabul parametrlarining qisqarishiga qadar bo‘lgan miqdorining 20 foizgacha qismi magistratura dasturlari uchun saqlanadi.

Tibbiyot sohasida magistratura dasturi orqali tor soha mutaxassislarini tayyorlash amaliyoti bekor qilinadi.

Magistratura dasturlariga oliy ma’lumotga ega, mutaxassisligi boshqa bo‘lsa-da, turdosh sohalarda ta’lim olgan shaxslarni ham qabul qilishga ruxsat beriladi.

Magistratura dasturlari ilmiy-pedagogik – nomutaxassislar uchun faqat ilmiy – va boshqaruv kadrlarini tayyorlashga xizmat qiladi.

Nodavlat tibbiyot va ta’lim tashkilotlariga tor soha mutaxassislariga bo‘lgan ehtiyojdan kelib chiqib, o‘z mablag‘lari hisobidan rezidentura dasturlari bo‘yicha o‘qishni yo‘lga qo‘yishga ruxsat etiladi.

Oilaviy tibbiyot yo‘nalishi bo‘yicha rezidentura talabalari Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tibbiyot oliy ta’lim tashkilotiga biriktiriladigan oilaviy poliklinikalarda tayyorlanadi.

Bunda oilaviy poliklinikaga biriktirilgan aholiga tibbiy xizmatlar tibbiyot oliy ta’lim tashkiloti professor-o‘qituvchilari hamda rezidentura talabalari tomonidan ham ko‘rsatiladi.

Oilaviy poliklinikada rezidentura talabalari bir vaqtning o‘zida ham ta’lim oladi, ham amaliyot bilan shug‘ullanadi.





Teglar: Teglar yo'q
Ulashish:

O'xshash maqolalar

Sharhlar (0)

Hali sharhlar yo'q. Birinchi sharhni siz qoldiring!

Sharh qoldiring