Chorvoqdagi qidiruv operatsiyasi yakunlandi – uchala fuqaroning jasadi topildi
Chorvoq suv omborida cho‘kib ketgan ota va uning ikki o‘g‘lini qidirish ishlari yakunlandi. Bugun qolgan ikki fuqaroning jasadi ham topildi, uchinchi jasad FVV g‘avvoslari tomonidan soat 13:35 da suvdan olib chiqildi.
Avval xabar berganimizdek, baxtsiz hodisa 2-sentabr kuni Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida sodir bo‘lgan. Katerda sayr vaqtida oila a’zolaridan biri qutqaruv nimchasisiz cho‘milish uchun suvga tushib, cho‘ka boshlagan. Unga yordam berish uchun akasi va otasi ham suvga tushgan va oqibatda uchalasi ham cho‘kib ketgan.
Kichik o‘g‘ilning jasadi 9-sentabr kuni topilgan edi. Bugun esa ikkinchi o‘g‘il va otaning jasadi aniqlandi.
Qidiruv ishlariga FVVning maxsus shtabi, Jizzax va Sirdaryo viloyatlaridan qo‘shimcha kuch va vositalar hamda zamonaviy qidiruv uskunalari jalb qilindi.
FVV fuqarolarni suv havzalarida xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya qilishga chaqirdi.