Litsenziyalashga oid huquqbuzarliklar haqida xabar berganlarga jarimaning 10 foizi to‘lanadi
Hukumatning 2026-yil 4-sentabrdagi 466-son qarori bilan litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillariga oid huquqbuzarliklar haqida vakolatli organlarga xabar bergan jismoniy va yuridik shaxslarni rag‘batlantirish tartibi tasdiqlandi.
Nizomga ko‘ra, fuqarolar va tashkilotlar aniqlangan huquqbuzarliklar haqida maxsus elektron tizim yoki Adliya vazirligining mobil ilovasi orqali xabar berishlari mumkin.
Foto va videomateriallarda huquqbuzarlik holati, huquqbuzar haqidagi ma’lumotlar mavjud bo‘lsa, shu ma’lumotlar, shuningdek, huquqbuzarlik sodir etilgan sana va vaqt aks etishi lozim.
Kelib tushgan xabarlar vakolatli organ tomonidan 10 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi.
Agar xabardagi ma’lumot tasdiqlanib, aybdor shaxsga nisbatan jarima qo‘llansa, xabar bergan shaxsga undirilgan jarimaning 10 foizi miqdorida bir martalik pul mukofoti to‘lanadi.