2027-yildan bojxona tartib-taomillari soddalashtiriladi
Farmonga muvofiq, O‘zbekistonda bojxona ma’murchiligini yanada takomillashtirishga qaratilgan yangi tartiblar joriy etiladi.
2027-yil 1-iyundan bojxona nazorati vaqtida tovarning kelib chiqish sertifikati va taqdim etilgan hujjatlar o‘rtasida tovar xususiyatiga ta’sir qilmaydigan kichik tafovutlar aniqlansa, ular sertifikatni rad etish uchun asos bo‘lmaydi.
Shuningdek, eksportda ekologik sertifikat eksport qiluvchining ixtiyoriy murojaati asosida rasmiylashtiriladi. Tranzit deklaratsiyalarini transport vositasi chegara bojxona postiga yetib kelishidan oldin topshirish imkoniyati yaratiladi.
Dastlabki bojxona yuk deklaratsiyasini taqdim etishning yangi soddalashtirilgan tartibi ham joriy qilinadi. U vakolatli idoralar tomonidan tovarlar uchun sertifikat va ruxsat beruvchi hujjatlarni olishga ariza sifatida qabul qilinadi.
Xavf darajasi past bo‘lgan tovarlarga sertifikat va ruxsat beruvchi hujjatlar oldindan beriladi. Yakuniy deklaratsiyada ushbu hujjatlarni qayta aks ettirish talabi bekor qilinadi. Importga oldindan ruxsat berilgan tovarlar chegaraga yetib kelgach, xavf darajasidan kelib chiqib tezlashtirilgan tartibda chiqariladi.
Bundan tashqari, 2027-yil 1-yanvardan yagona bojxona to‘lovi stavkasi tovarning bojxona qiymatidan 20 foiz, biroq har bir kilogramm uchun kamida 2 AQSH dollari miqdorida belgilanadi.