Prezident farmoni bilan 852 nafar shaxs afv etildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev farmoniga muvofiq, jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga o‘tgan 852 nafar shaxs afv etildi.
Ularning 604 nafari jazodan to‘liq ozod qilinadi, 115 nafari muddatidan ilgari shartli ozodlikka chiqariladi, 52 nafarining jazosi yengilroq jazo bilan almashtiriladi, yana 81 nafar mahkumning jazo muddati qisqartiriladi.
Afv etilganlar orasida 7 nafar chet el fuqarosi hamda taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida qatnashgan 63 nafar shaxs bor.
Shuningdek, afv etilganlarning 375 nafari yoshlar, 49 nafari ayollar va 37 nafari 60 yoshdan oshgan erkaklar hisoblanadi.