Prezident Administratsiyasining huquqiy maqomi ilk bor alohida qonun bilan belgilandi

Asosiy rasm

Prezident Shavkat Mirziyoyev “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi to‘g‘risida”gi Qonunni imzoladi. Qonun 4 ta bob va 34 ta moddadan iborat.

Hujjat bilan Prezident Administratsiyasining maqomi, asosiy vazifalari, vakolatlari hamda davlat organlari bilan hamkorligi qonun darajasida mustahkamlandi.

Prezident Administratsiyasi Prezident vakolatlarining amalga oshirilishini tashkiliy, huquqiy va tahliliy jihatdan ta’minlaydigan davlat organi etib belgilandi. Uni Prezident shakllantiradi, Administratsiya Prezident belgilagan asosiy yo‘nalishlarda faoliyat yuritadi hamda unga bo‘ysunadi va hisobdor bo‘ladi.

Administratsiyaning asosiy vazifalari qatoriga Prezidentning konstitutsiyaviy vakolatlarini amalga oshirishni ta’minlash, farmon, qaror va farmoyishlar loyihalarini hamda topshiriqlarni tayyorlash, ularning ijrosini tashkil etish va nazorat qilish kiradi.

Shuningdek, Administratsiya Prezidentning mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy rivojlantirishga oid yangi tashabbuslarini ishlab chiqadi, aholi va tadbirkorlar bilan ochiq muloqotlarni tashkil etadi, qonunlarni imzolash yoki qaytarishga tayyorlaydi hamda Prezidentning Oliy Majlisga Murojaatnomasini tashkil etadi.

Qonunda Administratsiya rahbarining huquqiy maqomi va vazifalari, mansabdor va boshqaruv xodimlarini lavozimga tayinlash va ozod etishga oid normalar ham belgilandi. Shuningdek, Prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi faoliyatini tashkil etishning qonuniy asoslari yaratildi.

Administratsiya parlament, Hukumat, vazirlik va idoralar, mahalliy hokimliklar, sud hokimiyati va sudyalar hamjamiyati organlari bilan hamkorlik qiladi hamda Prezidentga bevosita bo‘ysunuvchi davlat organlari faoliyatini muvofiqlashtiradi.

Teglar: Teglar yo'q
Ulashish:

O'xshash maqolalar

Sharhlar (0)

Hali sharhlar yo'q. Birinchi sharhni siz qoldiring!

Sharh qoldiring