Bolaga familiya berish tartibi o‘zgardi – otasining ismini ham familiya qilish mumkin
Qonun (O‘RQ–1164-son, 13.08.2026-y.) bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Oila kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, endilikda bolaga otasining ismi, shuningdek, ota yoki ona tomonidan milliy an’analarga ko‘ra bobosining ismi asosida familiya berish mumkin.
Avval Oila kodeksida otaning ismini bolaga familiya sifatida berish nazarda tutilmagan edi.
Qonun bilan “Arxiv ishi to‘g‘risida”gi Qonunga ham o‘zgartirishlar kiritilib, elektron arxivlar va nodavlat arxivlarni tashkil etish tartibi belgilandi.
Elektron arxivlarda tegishli apparat-dasturiy ta’minot, raqamlashtirish vositalari, hujjatlarni qidirish va ularga ishlov berish imkoniyati bo‘lishi, elektron hujjatning asl nusxaga muvofiqligi ta’minlanishi hamda axborot va kiberxavfsizlik talablariga rioya etilishi kerak.
Shuningdek, nodavlat arxivlarni tashkil etish imkoniyati nazarda tutildi va Adliya vazirligining arxiv ishi sohasidagi vakolatlari aniq belgilandi.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.