Noqonuniy qurilishlarga nisbatan jazo keskin kuchaytirilmoqda
Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi tomonidan ishlab chiqilgan shaharsozlik sohasida qonunchilik talablariga rioya etilishini ta’minlash hamda noqonuniy qurilishlarning oldini olishga qaratilgan qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.
Qonun loyihasi bilan Shaharsozlik kodeksi hamda “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi Qonunga qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda.
Xususan, shaharsozlik talablarini qo‘pol ravishda buzganlik, jumladan:
– noqonuniy qurilishlarni amalga oshirish;
– qurilish-montaj ishlarini bosh reja, master-reja va qurilish loyihasi talablarini buzgan holda olib borish;
– qonunchilikda belgilangan hajmdan katta imoratlar, bino va inshootlarni vakolatli organni xabardor etmasdan qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash uchun javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda.