Boshpanasiz shaxslarni qoʻllab-quvvatlash tizimi takomillashtiriladi

Asosiy rasm

“Muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (PQ–288-son, 03.08.2026-y.) qabul qilindi

Qarorga koʻra, ichki ishlar organlarining Muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxslarni reabilitatsiya qilish markazlari Vaqtinchalik boshpana va ijtimoiy tiklanish markazlari deb qayta nomlanadi.

Boshpanasiz shaxslarni Ijtimoiy markazlarga sud qarori asosida joylashtirish amaliyoti bekor qilinadi.

2026-yil 1-sentyabrdan boshlab:

– Ijtimoiy markazlarga boshpanasiz shaxslar ularning roziligi bilan joylashtiriladi;

– Ijtimoiy markazlarga joylashtirilgan shaxslar vaqtinchalik boshpana hamda ushbu markazlarga ajratilgan mablagʻlar hisobidan oziq-ovqat va shaxsiy gigiyena vositalari bilan taʼminlanadi;

– Ijtimoiy markazlarga joylashtirilgan shaxslar individual rejalarga muvofiq ijtimoiy xizmat va yordamlar bilan qamrab olinadi va boshqalar.

2026-yil 1-oktyabrdan Ijtimoiy markazlarga joylashtirilgan boshpanasiz shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda ishsiz deb eʼtirof etiladi hamda ularni kasbga oʻqitish boʻyicha tuman (shahar) kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimlari orqali vaucherlar ajratiladi.

Boshpanasiz shaxslar Ijtimoiy markazlarda boʻlgan davrida ushbu muassasaga vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olinadi.

Boshpanasiz shaxslarni vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olish va shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni rasmiylashtirish bilan bogʻliq davlat boji “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplab beriladi.

Teglar: Teglar yo'q
Ulashish:

O'xshash maqolalar

Sharhlar (0)

Hali sharhlar yo'q. Birinchi sharhni siz qoldiring!

Sharh qoldiring