Davlat xizmatlari va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha yangi tartiblar joriy etiladi

Asosiy rasm

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 15-iyuldagi PQ–265-son "Aholiga ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlarini takomillashtirish hamda fuqarolar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori bilan aholi uchun davlat xizmatlarini yanada takomillashtirish va fuqarolar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratishga qaratilgan qator yangi mexanizmlar joriy etiladi.

Xususan, 2026-yil 1-oktabrdan boshlab avtomobil va ko‘chmas mulk egalari o‘z mulkining sotilishi yoki garovga qo‘yilishiga MyGov portali orqali taqiq o‘rnatishi mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, ko‘chmas mulk obyektlari va avtotransport vositalariga qo‘yilgan taqiqlar kreditlar to‘liq so‘ndirilgandan so‘ng proaktiv shaklda, ya’ni fuqarolarning qo‘shimcha murojaatlarisiz bekor qilinadi.

Fuqarolarning familiyasi, ismi, otasining ismi va tug‘ilgan sanasi kabi birlamchi ma’lumotlari o‘zgarganda, tegishli elektron hujjatlarga qo‘shimcha arizalarsiz avtomatik ravishda o‘zgartirishlar kiritiladi. Shu bilan birga, ID-karta, haydovchilik guvohnomasi va xorijga chiqish pasportini qayta rasmiylashtirish imkoniyati yaratiladi.

Jismoniy shaxslarga mo‘ljallangan kredit, muddatli to‘lov va nasiya savdoga oid har qanday reklamada mahsulot yoki xizmatning joriy qiymatiga nisbatan qancha qo‘shimcha to‘lov amalga oshirilishi hamda yakuniy qiymati qancha bo‘lishi haqidagi ma’lumotlarni ko‘rsatish majburiy bo‘ladi.

Shuningdek, mikroqarz shartnomalarining dastlabki qismida shartnoma asosiy sahifasining kamida 30 foizini egallaydigan matnli ogohlantirish joylashtiriladi. Reklama materiallarida esa qarzdorlikning salbiy oqibatlari haqidagi ogohlantirish axborotini joylashtirish majburiy bo‘ladi.

Bundan tashqari, iste’molchilarni chalg‘ituvchi deb topilgan kredit mahsulotlarini vaqtincha yoki doimiy taqiqlash amaliyoti joriy etiladi.

Yo‘qotilgan yoki yaroqsiz holga kelgan ID-karta, xorijga chiqish pasporti, yashash guvohnomasi yoki harakatlanish hujjatini qayta rasmiylashtirishda fuqarolar ma’muriy javobgarlikka tortilmaydi. Bunda yangi hujjat qo‘shimcha davlat boji to‘lash orqali rasmiylashtiriladi.

Shuningdek, mamlakatda spam qo‘ng‘iroqlar va reklama xabarlari tartibga solinadi. Endilikda mobil aloqa vositalari orqali reklama mazmunidagi SMS-xabarlarni yuborish faqat shaxsning yozma yoki elektron roziligidan so‘ng amalga oshiriladi.

Telefon orqali reklama qo‘ng‘iroqlari va xabarlari esa faqat 09:00 dan 18:00 gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida tarqatilishi mumkin bo‘ladi.




Teglar: Teglar yo'q
Ulashish:

O'xshash maqolalar

Sharhlar (0)

Hali sharhlar yo'q. Birinchi sharhni siz qoldiring!

Sharh qoldiring