“O‘zbekgidroenergo” V Toshkent xalqaro investitsiya forumida xalqaro hamkorlikni kengaytirdi
V Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida “O‘zbekgidroenergo” AJ gidroenergetika sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish va yangi investitsiyalarni jalb etish borasida muhim natijalarga erishdi.
Xususan, AQSHning “77 Construction USA Corp.”, Xitoyning “China Huaneng Group”, Hindistonning “Adani Group”, Yaponiyaning “MUFG Bank”, Germaniyaning “AKA Bank”, Xorvatiyaning “Koncar” va “In Foro Viridi” kompaniyalari, Jahon banki guruhi hamda Afg‘oniston Tashqi savdo vazirligi vakillari bilan qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazildi.
Forum davomida yirik gidroenergetika loyihalarini amalga oshirish, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini kengaytirish, xalqaro moliyalashtirishni jalb etish va ilg‘or texnologiyalarni joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuvlar yakunida “77 Construction USA Corp.” bilan EPC+F va DXSh formatlaridagi hamkorlikni ko‘rib chiqish hamda Pskom GES loyihasida ishtirok etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Jahon banki guruhi bilan Xojikent GAES loyihasi, MIGA kafolatlari va grant dasturlari bo‘yicha hamkorlik kengaytirildi.
Shuningdek, “China Huaneng Group” bilan DXSh tamoyillari asosida istiqbolli investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha memorandum imzolandi. “Adani Group” bilan qo‘shma ishchi guruh tashkil etish va investitsiya loyihalarini birgalikda ishlab chiqish yuzasidan kelishuvga erishildi.
MUFG Bank va AKA Bank bilan yirik loyihalarni uzoq muddatli moliyalashtirish mexanizmlari muhokama qilindi. “Koncar” hamda “In Foro Viridi” bilan kichik va o‘rta GES loyihalari bo‘yicha hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Afg‘oniston tomoni bilan esa gidroenergetika uskunalarini yetkazib berish va loyihalash yo‘nalishlarida hamkorlik istiqbollari belgilab olindi.