**O‘zbekiston — Saudiya Arabistoni — Fransiya: xavfli chiqindilarni qayta ishlash bo‘yicha 78 million dollarlik hamkorlik yo‘lga qo‘yildi** Beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida “N
O‘zbekiston — Saudiya Arabistoni — Fransiya: xavfli chiqindilarni qayta ishlash bo‘yicha 78 million dollarlik hamkorlik yo‘lga qo‘yildi
Beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida “Nol chiqindi” tamoyili asosida “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirishga qaratilgan qator xalqaro uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.
Xususan, Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi vakillari tomonidan yirik xalqaro tashkilotlar hamda kompaniyalar mutasaddilari ishtirokida muloqotlar tashkil etildi. Unda chiqindilarni boshqarish sohasida Markaziy Osiyo mamlakatlari va xorijiy davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish, ilg‘or tajribalarni joriy etish hamda qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
O‘tkazilgan uchrashuvlar yakunida Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi direktori Sharifbek Hasanov, Saudiya Arabistonining “VISION INTERNATIONAL INVESTMENT COMPANY” kompaniyasi prezidenti Omar Almidani hamda Fransiyaning “SUEZ INTERNATIONAL” kompaniyasining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha bosh direktori Silvere Delaunay o‘rtasida kelishuvning asosiy shartlari (Head of Terms) imzolandi.
Mazkur hujjat xavfli chiqindilarni qayta ishlash sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni nazarda tutadi. Loyihaning umumiy qiymati 78 million AQSH dollarini tashkil etadi.
Ta’kidlash joizki, 100 dan ortiq mamlakatlardan 10 mingdan ziyod delegat va ishtirokchilarni jamlagan Toshkent xalqaro investitsiya forumi xalqaro maydondagi nufuzi tobora ortib borayotganini namoyon etdi. Forum, shuningdek, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarga xalqaro hamjamiyat ishonchi mustahkamlanib borayotganining yana bir tasdig‘i bo‘ldi.