2025-yilda OTM bitiruvchilarining o‘rtacha oylik ish haqi 5,1 mln so‘mni tashkil etdi
Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi tomonidan bitiruvchilar sifati indeksi doirasida amalga oshirilgan dastlabki modellashtirish natijalariga ko‘ra, 2025-yilda oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining bandlik darajasi 75 foizni tashkil etgan.
Tahlillarga ko‘ra:
– bitiruvchilarning o‘rtacha oylik ish haqi 5,1 mln so‘m bo‘lgan;
– ishga joylashish uchun o‘rtacha 2 oy vaqt talab etilgan;
– bitiruvchilarning 60,1 foizi kamida 4 oy davomida barqaror ish bilan ta’minlangan.
Eng yuqori o‘rtacha ish haqi quyidagi yo‘nalishlarda qayd etilgan:
– “Biznes va boshqaruv” — 8,5 mln so‘m;
– “Huquq” — 7,3 mln so‘m;
– AKT (axborot-kommunikatsiya texnologiyalari) — 6,8 mln so‘m.
Modellashtirish jarayoni 114 ta oliy ta’lim tashkilotining 242,6 ming nafar bitiruvchisi qamrovida o‘tkazilgan.
Yakuniy indeks natijalari 12 oylik ma’lumotlar asosida avgust oyida e’lon qilinadi. Eng yaxshi natija ko‘rsatgan Top–20 OTM karyera markazi 500 mln so‘mdan rag‘batlantiriladi.