Qarshi tumanida sodir bo‘lgan portlash to‘g‘risida ma’lumot
Bugun, 8-iyun kuni soat 13:50 da Qashqadaryo viloyati FVBga Qarshi tumani “Chaman” MFYda joylashgan, maishiy gaz ballonlariga suyultirilgan gaz quyish shoxobchasida portlash bo‘lgani to‘g‘risida xabar kelib tushgan.
Shunga ko‘ra, 5 ta qutqaruv bo‘linmasi soat 14:02 da hodisa joyiga yetib borib, yong‘in soat 14:05 da qurshab olingan va soat 14:55 da o‘chirilgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 4 ta avtomobil (2 ta Cobalt va 2 ta gaz tashishga mo‘ljallangan avtomobil) hamda 2 ta yer osti yoqilg‘i saqlash rezervuari yonib zarar ko‘rgan.
Oqibatda 6 nafar fuqaro halok bo‘lgan, 5 nafar fuqaro turli darajadagi tan jarohatlari bilan shifoxonaga yuborilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyevning topshiriqlariga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari O. Ramatov boshchiligida mas’ul vazirlik va idoralar vakillaridan iborat Hukumat komissiyasini tashkil etish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining farmoyishi qabul qilindi.
Hukumat komissiyasiga jabrlanganlarga zarur yordam ko‘rsatish, portlash oqibatlarini bartaraf etish, ushbu baxtsiz hodisaning kelib chiqish sabablarini aniqlash hamda kelgusida bunday holatlarning oldini olish choralarini ko‘rish vazifasi yuklatildi.
Hozirda hodisa hududi to‘liq nazoratga olinib, uning oqibatlarini bartaraf etish ishlari amalga oshirilmoqda.