«M-25» konida qutqaruv quduqlarini burg‘ilash rejalashtirilmoqda
«M-25» konidagi avariya oqibatlarini bartaraf etish loyihasi doirasida qutqaruv quduqlarini burg‘ilash ko‘zda tutilmoqda. Bu masala «O‘zbekneftgaz» AJ boshqaruv raisi Abdug‘ani Sanginov va CNPC prezidenti Chjou Sinxuay o‘rtasidagi uchrashuvda muhokama qilindi.
Tomonlar ichki bozorni yoqilg‘i bilan barqaror ta’minlash uchun neft mahsulotlarini yetkazib berish manbalarini kengaytirish va uzoq muddatli ta’minot mexanizmlarini ishlab chiqish masalalarini ham ko‘rib chiqdi.
Muzokaralarda burg‘ilash, geologiya-qidiruv, seysmik tadqiqotlar, konlarning gaz berish samaradorligini oshirish va raqamlashtirish bo‘yicha qo‘shma loyihalarga e’tibor qaratildi.
Shuningdek, Toshkentda CNPCning doimiy vakolatxonasini ochish taklifi bildirildi. Soha uchun muhandis-texnik kadrlar tayyorlash maqsadida I.M. Gubkin nomidagi neft va gaz universitetining Toshkent filialini qo‘llab-quvvatlash masalasi ham muhokama qilindi.