Saida Mirziyoyeva energetika sohasidagi investorlar kengashiga boshchilik qiladi
O‘zbekistonda Yoqilg‘i-energetika sohasida investorlar kengashi tashkil etiladi. Unga Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva boshchilik qiladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev sohadagi investorlar bilan ochiq muloqotda ma’lum qildi.
Kengash yer ajratish, tarmoqlarga ulanish va texnik shartlar olishdan obyektni ishga tushirishgacha bo‘lgan jarayonda investorlar duch keladigan masalalarga tezkor yechim topish bilan shug‘ullanadi.
Rasmiy xabarga ko‘ra, 16-oktabr kuni 4,7 milliard dollarlik oltita yirik loyiha bo‘yicha bitimlar imzolangan. Ular doirasida 3 ming megavatt elektr ishlab chiqarish va 400 megavatt energiya saqlash quvvati yaratiladi.
Muloqotda energetika sohasidagi boshqa rejalar ham ma’lum qilindi:
Suyultirilgan gaz ta’minotida xususiy sektor ishtiroki kengaytiriladi. Andijonda boshlangan tajriba asosida 2027-yilda bu sohani respublika bo‘ylab xususiy sektorga berish maqsad qilingan. Hozir suyultirilgan gazdan 3,8 million xonadon foydalanadi. O‘zgarishlarda ta’minot uzluksizligi, xavfsizlik va xizmat sifati asosiy mezon bo‘ladi.
Energetikaning 2050-yilgacha Milliy bosh rejasi ishlab chiqiladi. Tarmoqlarga ulanish imkoniyatlari xaritasi 2027-yil 1-martgacha, to‘liq bosh reja esa 1-iyulgacha ochiq e’lon qilinadi.
2030-yilgacha 22 ming megavatt yangi quvvat yaratish rejalashtirilgan. Natijada yillik elektr ishlab chiqarish 129 milliard kilovatt-soatdan oshishi, qayta tiklanuvchi energiya ulushi 54 foizga yetishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, 5 ming kilometr elektr tarmog‘i va 16 ta yirik podstansiya qurish, energiya saqlash quvvatlarini 4,5 gigavattga yetkazish rejalashtirilmoqda.
Forishda maxsus sanoat zonasi tashkil etiladi. Soliq va bojxona imtiyozlari beriladigan ushbu zonada atom elektr stansiyasi uchun zarur mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.
Har yili 50 nafar yoshga dunyoning yetakchi universitetlarida energetika yo‘nalishida o‘qish uchun davlat granti ajratiladi. Kelasi o‘quv yilidan mahalliy oliygohlarda ham energetika yo‘nalishlari bo‘yicha qabul kvotalari oshiriladi.