Farg‘onada Cobalt, Damas va Labo uchun butlovchi qismlar ishlab chiqaradigan zavod ochildi
Farg‘ona viloyatida avtomobillarning tormoz va rul boshqaruvi tizimlarini ishlab chiqaruvchi «Hansae Mobility Turan» zavodi ochildi.
Korxona dastlab Cobalt, Damas va Labo avtomobillari uchun yiliga 310 ming to‘plam butlovchi qismlar yetkazib beradi. Mahalliy ishlab chiqarish 60 mln dollarlik mahsulot importining o‘rnini bosish imkonini berishi kutilmoqda.
Sakkiz oyda qurilgan, 20 ming kvadrat metr maydonni egallagan zavodda 15 ta ishlab chiqarish liniyasi tashkil etilgan. Ularda 14 turdagi mahsulot, jumladan, tormoz mexanizmlari, asosiy tormoz silindrlari va rul ustunlarini ishlab chiqarish o‘zlashtirilgan.
Hozir korxonada 100 nafardan ortiq xodim ishlamoqda. Ularning sonini yil oxirigacha 140 nafarga, ikkinchi bosqichda esa 250 nafarga yetkazish rejalashtirilgan.
Kompaniya BYD Uzbekistan Factory bilan ham butlovchi qismlar yetkazib berish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda.