2030-yilgacha onlayn mikrokreditlarni o‘rtacha bir soatda ajratish rejalashtirilmoqda
Markaziy bank kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan konsepsiyani ishlab chiqdi. Unda onlayn mikrokreditlarni o‘rtacha bir soatda ajratish va ularning ulushini 60 foizga yetkazish ko‘zda tutilgan.
Hujjat tadbirkorlarning kredit olish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan 25 ta tashabbusni qamrab oladi. Hozir kichik biznes subyektlarining atigi 10 foizi, o‘rta korxonalarning esa 16 foizi kreditlardan foydalanmoqda.
2030-yilgacha kichik va o‘rta biznesning 218 trillion so‘mlik kredit portfelini ikki baravar oshirish rejalashtirilgan. Bu kreditlarning YaIMga nisbati 12 foizdan 20 foizga, nobank tashkilotlarining jami kreditlashdagi ulushi esa 1,7 foizdan 5 foizga yetkazilishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, qarz oluvchining to‘lov qobiliyatini baholash usullarini takomillashtirish, islomiy moliyalashtirish va moliyaviy ombudsman institutini rivojlantirish nazarda tutilmoqda. Tadbirkorlar kredit va boshqa moliyaviy mahsulotlarni taqqoslashi uchun raqamli platforma ham rejalashtirilgan.
Konsepsiya dastlab sinov tariqasida amalga oshiriladi va natijalar asosida har yili qayta ko‘rib chiqiladi.