Samarqandda ilk bor «Qurilishga tayyor yer» auksionga qo‘yildi
Samarqand shahridagi «Nurli yo‘l» mahallasida ko‘p qavatli uy qurish uchun yer uchastkasi tayyor ruxsat hujjatlari bilan savdoga chiqarildi. Bu «Samarqand invest kompaniyasi» AJ amalga oshirayotgan 10,51 gektarlik kompleks qurilish loyihasining bir qismidir.
«Qurilishga tayyor yer» mexanizmida ruxsatnomalar va muhandislik tarmoqlariga ulanishning texnik shartlari auksiondan oldin rasmiylashtiriladi. G‘olib tadbirkor hujjatlarni avtomatik oladi, ularni yig‘ish va kelishuvlardan o‘tishga vaqt sarflamaydi.
Birinchi lotdagi 2 647,63 m² maydonda 16 qavatli ikkita blok va jami 155 ta xonadon qurilishi ko‘zda tutilgan. Hududning 30 foizini ko‘kalamzorlashtirish, bolalar va sport maydonchalari tashkil etish rejalashtirilgan.
Mexanizm Prezidentning 2026-yil 24-fevraldagi PQ–73-son qarorida belgilangan. Qo‘mita qayd etishicha, amaldagi ruxsat olish jarayoni 9 bosqichdan iborat bo‘lib, o‘rtacha 90–120 kun talab etadi. Xalqaro amaliyotda «qurilishga tayyor yer» mexanizmida bu muddat 7–15 kunni tashkil qiladi.