Surxondaryoda avtomashina gaz ballonidan qariyb 42 kg opiy topildi
DXX va ichki ishlar organlari xodimlari Denov tumanida Toshkent viloyatidan kelayotgan «Cobalt» avtomashinasini to‘xtatib, tekshirgan. Denovlik fuqaro boshqaruvidagi avtomashina yukxonasiga o‘rnatilgan gaz balloni ichidan 43 o‘ramga yashirilgan 41 kg 904 gramm opiy topilgan.
Tezkor tadbir davomida narkotikni olib ketishga kelgan denovlik va sariosiyolik ikki fuqaro ushlangan. Keyinchalik uning buyurtmachisi sifatida ko‘rsatilgan Sariosiyo tumanida yashovchi shaxs ham qo‘lga olingan. Uchala shaxs ilgari giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq jinoyatlar uchun sudlangan.
Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov davom etmoqda.