Afg‘onistondan olib kelingan 48,5 kg narkotik modda to‘xtatib qolindi
DXX Chegara qo‘shinlari va Bojxona qo‘mitasi xodimlari tomonidan «Ayritom» chegara bojxona postida olib borilgan tekshiruvda Afg‘onistondan kirib kelayotgan «Mercedes-Benz» yuk avtomobili tirkamasining poli ostiga 98 o‘ramda yashirilgan narkotik moddalar aniqlandi.
Ularning 39 kg 86 grammi gashish, 9 kg 498 grammi opiy ekani qayd etilgan. Avtomobilni Termiz tumanida yashovchi, 1985-yilda tug‘ilgan fuqaro boshqargan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 246-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov davomida narkotik moddalarning buyurtmachilarini aniqlash choralari ko‘rilmoqda.