O‘zbekiston MDH davlatlari bilan urug‘ va ko‘chat yetkazib berish bo‘yicha hamkorlikni muhokama qildi
6–8-oktabr kunlari Turkmanistonning Avaza shahrida MDHning urug‘chilik bo‘yicha Hukumatlararo muvofiqlashtiruvchi kengashi 27-yig‘ilishi va xalqaro konferensiya o‘tkazildi. Unda Prezidentning agrar rivojlanish masalalari bo‘yicha davlat maslahatchisi Shuhrat G‘aniyev boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi qatnashdi.
Ma’lum qilinishicha, yig‘ilishda 2027–2028-yillarda urug‘ va ko‘chatlarni davlatlararo yetkazib berish, seleksiya hamda urug‘chilik tizimlarini takomillashtirish masalalari muhokama qilingan.
Ikki tomonlama uchrashuvlarda Turkmaniston bilan urug‘ eksporti va yangi navlarni o‘zaro sinash masalalari ko‘rib chiqilgan. Tojikiston bilan hamkorlikning amaliy mexanizmlari va O‘zbekiston agrotexnologiyalarini ushbu mamlakatga transfer qilish masalalari kelishib olingan.
Shuningdek, «Uzbek seeds» milliy brendi ostida eksportni kengaytirish va urug‘chilik tizimini xalqaro standartlarga moslashtirish istiqbollari muhokama qilingan.