100 trln so‘mlik davlat aktivlari savdoga chiqariladi – xususiylashtirishda yangi qulayliklar joriy etiladi
O‘zbekistonda davlat aktivlarini xususiylashtirish bo‘yicha yangi mexanizmlar joriy etilmoqda. 2026-yilda 84 ta xo‘jalik jamiyatidagi davlat ulushi, 1 242 ta ko‘chmas mulk obyekti va qariyb 8 ming gektar yer savdoga chiqariladi. Ularning umumiy qiymati qariyb 100 trln so‘mni tashkil etadi.
Tadbirkorlar uchun aktivlarni xarid qilish shartlari ham yengillashtiriladi. Jumladan:
– boshlang‘ich to‘lov 15 foizgacha kamaytiriladi, qolgan mablag‘ni foizsiz bo‘lib to‘lash mumkin;
– aktiv qiymatini 6 oyda to‘liq to‘laganlarga 25 foiz chegirma beriladi;
– qiymatning 50 foizini 6 oyda to‘laganlar qolgan qismini 7 yilgacha foizsiz to‘lashi mumkin;
– 35 foizini 3 oyda to‘laganlarga qolgan mablag‘ni 5 yilgacha foizsiz bo‘lib to‘lash imkoniyati yaratiladi.
Uzoq vaqt xaridor topilmagan ayrim davlat aktivlari 1 mln so‘m boshlang‘ich narxda auksionga chiqariladi. Uch oy davomida sotilmagan aktivlarning boshlang‘ich narxi bosqichma-bosqich 10 foizgacha pasaytirilishi mumkin.
Shuningdek, yer uchastkalari qurilish uchun zarur hujjatlar va kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish bo‘yicha texnik shartlar bilan birga “tayyor paket” shaklida savdoga qo‘yiladi.
Yangi mexanizmlar davlat tasarrufidagi samarasiz aktivlarni xususiy sektorga o‘tkazish va ularni yangi biznes hamda investitsiya loyihalariga jalb etishga qaratilgan.