Shavkat Mirziyoyev: “Kelgusi o‘n yillik biz uchun milliy yuksalish davri bo‘ladi”
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. Unda Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, xalqimizni Mustaqillik bayrami bilan tabrikladi hamda mamlakat taraqqiyotining kelgusi ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi.
Davlat rahbari so‘nggi yillarda aholi salomatligini muhofaza qilish borasida erishilgan natijalarga alohida to‘xtaldi. O‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 1991-yildagi 66,4 yoshdan 2025-yilda 75,4 yoshga yetgan, go‘daklar va onalar o‘limi esa 4 barobar kamaygan.
Prezident O‘zbekiston taraqqiyotning mutlaqo yangi davriga qadam qo‘yayotganini ta’kidlab, kelgusi o‘n yillik milliy yuksalish davri bo‘lishini qayd etdi.
Kelgusi yillarda inson qadrini yanada yuksaltirishga qaratilgan 7 ta milliy dastur amalga oshiriladi. Birinchi dastur bilim va malakani mamlakat taraqqiyotining asosiy kapitaliga aylantirishga qaratiladi.
Sog‘liqni saqlashda profilaktikani kuchaytirish orqali salomatlikni asrash modeliga o‘tish, davlat tibbiy sug‘urtasini barcha xonadonlargacha yetkazish ko‘zda tutilmoqda.
Shuningdek, 2030-yilgacha O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti hajmini 300 milliard dollarga yetkazish maqsadi belgilandi. Alohida milliy dastur suv resurslari va tabiatga munosabatni tubdan o‘zgartirishga qaratiladi.
Prezident fuqarolar va tadbirkorlarning qonuniy kafolatlarini kuchaytirish, mahallani jamiyat taraqqiyotining asosiy buyurtmachisiga aylantirish hamda O‘zbekistonni xalqaro diplomatiyaning muhim markazlaridan biriga aylantirishga qaratilgan ko‘p qirrali va muvozanatli tashqi siyosat davom ettirilishini ta’kidladi.
“Biz bugun kechagidan kuchlimiz. Nasib etsa, ertaga bundan ham kuchli bo‘lamiz”, – dedi davlat rahbari.