“Odil sudlov – 2030”: O‘zbekistonda sud tizimida qanday o‘zgarishlar bo‘ladi?

Asosiy rasm

Prezident Shavkat Mirziyoyev sud-huquq islohotlari natijalari va sohadagi ustuvor vazifalarni muhokama qilish uchun sud tizimi rahbarlari bilan uchrashdi. Unda “Odil sudlov – 2030” strategiyasi loyihasi taqdim etildi.

Strategiyada 57 ta vazifa, 2026–2028-yillarga mo‘ljallangan Harakatlar dasturida 160 ta aniq chora-tadbir, 2030-yilgacha esa 33 ta maqsad belgilangan.

Asosiy o‘zgarishlar:

2027-yil 1-iyuldan 5 ta hududlararo sud tashkil etiladi. Bu bir sudning o‘z qarorini o‘zi qayta ko‘rib chiqishi amaliyotiga chek qo‘yishi va fuqarolarning adolat izlab poytaxtga borish zaruratini kamaytirishi ko‘zda tutilgan.

Fuqarolik sudlari aholiga yaqinlashtiriladi. 2030-yilgacha zaruratga qarab deyarli barcha tuman va shaharlarda fuqarolik sudlari faoliyati bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yiladi.

– Fuqaro noto‘g‘ri sudga murojaat qilsa, ariza qaytarilmaydi – sudning o‘zi uni tegishli sudga yuboradi. Arizadagi juz’iy kamchiliklarni bartaraf etishda ham fuqaroga ko‘maklashiladi.

– Tadbirkorlarning idorama-idora sarson bo‘lishiga chek qo‘yish uchun “iqtisodiy ishlarni proaktiv boshqarish” standarti joriy etiladi.

– Jinoyat ishlarida inson huquqlari kafolatini kuchaytirish uchun “asosli gumon” (prima facie) standarti joriy qilinadi. Tergov sudyasi shaxsni ushlab turish qonuniyligi hamda gumon yoki ayblov uchun asoslar yetarliligini tekshiradi.

– Oliy sud Rayosati qarorlarini qamrab oluvchi ochiq “Pretsedentlar reyestri” yuritiladi.

2028-yildan “sud ma’murchiligi” instituti joriy etilib, sudyalar odil sudlovga daxldor bo‘lmagan tashkiliy vazifalardan ozod qilinadi.

“Raqamli sud” to‘liq ishga tushiriladi. Sudlarga murojaatlarning kamida 50 foizi elektron shaklda berilishi, sud majlislarining 100 foizi audioyozuv orqali qayd etilishi rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, mediatsiya va yarashuv mexanizmlari kengaytiriladi, noqonuniy deb topilgan ma’muriy hujjatlarning ochiq reyestri yuritiladi. “Xalq vakillari hay’ati” ishtirokida ko‘riladigan jinoyat turlari kamida 3 taga yetkaziladi.

Prezident strategiya loyihasini ma’qullab, unda nazarda tutilgan islohotlarni amalga oshirishga qaratilgan tegishli farmonni imzoladi.

Teglar: Teglar yo'q
Ulashish:

O'xshash maqolalar

Sharhlar (0)

Hali sharhlar yo'q. Birinchi sharhni siz qoldiring!

Sharh qoldiring