Yangi sudyalar qasamyod qabul qildi
Oliy sud Plenumining majlisida jinoyat, fuqarolik va ma’muriy sudlarga ilk bor sudyalik lavozimiga tayinlangan sudyalarning qasamyod qabul qilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Sudyalar oliy kengashining 2026-yil 26-iyundagi qaroriga muvofiq, sudyalik lavozimida bo‘lishning birinchi besh yillik muddatiga tayinlangan 19 nafar sudyaning qasamyodi eshitildi.
Oliy sud raisi Robaxon Mahmudova yangi tayinlangan sudyalarni qutlar ekan, sudyalik maqomi mansab yoki imtiyoz emas, balki xalq oldidagi katta mas’uliyat va sinov ekanini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, sudyaning har bir so‘zi, har bir imzosi va hatto sukuti ham adolat mezoni bilan baholanadi. Sudya faqat adolatga va uning nomidan hukm chiqaradigan xalqqa sodiq qolishi lozim.
R. Mahmudova sudya o‘tiradigan kursi hukmronlik timsoli emas, balki xizmat va ishonch kursisi ekanini qayd etib, unda faqat qalbi pok, niyati xolis, bilimi teran va irodasi mustahkam inson o‘tirishga haqli ekanini ta’kidladi.
Qasamyod qabul qilgan yangi sudyalarga sudyalik guvohnomalari hamda “Sudyalar odobi kodeksi” topshirildi.