Oliy sud: 2026-yilning birinchi yarmida sudlarga kelib tushgan murojaatlar soni kamaydi
Oliy sud raisining birinchi o‘rinbosari Alisher Usmonov tomonidan o‘tkazilgan brifingda sud organlarida 2026-yilning birinchi yarmida aholi murojaatlari bilan ishlash natijalari yuzasidan axborot berildi.
Ma’lum qilinishicha, hisobot davrida sudlarga umumiy mazmundagi 64 mingta murojaat kelib tushgan bo‘lib, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3 ming 940 taga yoki 5,8 foizga kamdir.
Shuningdek, Oliy sudga 7 ming 492 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, mazkur ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 14,9 foizga kamaygan.
Prezident Virtual va Xalq qabulxonalari orqali kelib tushgan 40 386 ta murojaatning 38 ming 233 tasi ko‘rib chiqilib, 3 ming 725 tasi ijobiy hal etilgan.
Hisobot davrida Oliy sud fuqarolar qabulxonasiga 27 ming 152 nafar fuqaro murojaat qilgan.
Joriy yilning birinchi yarmida Oliy sud rahbariyati tomonidan 3 130 nafar jismoniy va yuridik shaxs vakillari qabul qilingan. Ularning 2 086 nafari bevosita Oliy sudda, 814 nafari sayyor qabullarda hamda 230 nafari videokonferensaloqa tizimi orqali qabul qilingan.
Shuningdek, Oliy sud rahbariyati tomonidan Buxoro, Navoiy, Samarqand, Sirdaryo, Andijon, Namangan, Farg‘ona va Xorazm viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida sayyor qabullar o‘tkazilgan.