DXX: Terrorizm tuzog‘iga tushgan shaxs 10 yilga ozodlikdan mahrum etildi
DXX ma’lumotiga ko‘ra, Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan O‘zbekiston fuqarosi xorijda tahsil olayotgan davrida ijtimoiy tarmoqlardagi ekstremistik mazmundagi materiallar ta’siriga tushib qolgan.
U 2017-yilda Janubiy Koreyadagi nufuzli universitetlardan biriga o‘qishga kirgan. Tahsil davomida internet orqali “jihod”, “hijrat” va “shahidlik”ni targ‘ib qiluvchi materiallarni kuzatib borgan.
Keyinchalik u Suriyada faoliyat yuritayotgan terroristik tashkilotlarga aloqador shaxslar bilan internet orqali muloqot o‘rnatib, ularga tegishli materiallarni tarqatgan va ulardan biriga pul yuborgan.
2023-yil dekabrida O‘zbekistonga qaytgan fuqaro 2024-yil iyulida Suriyadagi jangarilar safiga qo‘shilish maqsadida Turkiyaga borgan, biroq rejasi amalga oshmay ortga qaytgan.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida u qo‘lga olinib, jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Sud hukmi bilan fuqaro Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bo‘yicha aybdor deb topilib, 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.