Ombudsmanga yarim yilda 10 mingdan ortiq murojaat kelib tushdi
2026-yilning birinchi yarim yilligida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ga jami 10 468 ta murojaat kelib tushgan. Murojaatlarni ko‘rib chiqish natijasida 12 ta holatda jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Fuqarolarning murojaatlari asosida undirilgan hamda undirilishi belgilangan mablag‘lar jami 26 mlrd 849 mln so‘mni tashkil etgan. Shundan 25 mlrd 937 mln so‘mi ish haqi va mehnat munosabatlariga oid.
Shuningdek:
– fuqarolar foydasiga qarzdorlik, sog‘liqqa yetkazilgan zarar, moddiy va ma’naviy zarar hamda boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha 304 mln 606 ming so‘mdan ortiq mablag‘ undirilgan;
– Ombudsman so‘roviga asosan voyaga yetmagan farzandlar ta’minoti uchun 435,9 mln so‘mdan ortiq aliment to‘lovlari undirilishi ta’minlangan;
– harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga 521 marotaba monitoring tashrifi amalga oshirilgan;
– 13-sonli jazoni ijro etish koloniyasining ayrim obyektlarini ta’mirlash uchun 260 mln so‘m, Bekobod, Chirchiq va Nurafshondagi vaqtincha saqlash hibsxonalarida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish uchun 212 mln 664 ming so‘m ajratilishi belgilangan;
– Andijon viloyatida ma’muriy qamoqqa olingan 360 nafar shaxsga mo‘ljallangan qo‘shimcha maxsus qabulxona qurish belgilangan.
Hisobot davrida Ombudsmanga harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar, ularning yaqin qarindoshlari va advokatlaridan 1 227 ta murojaat kelib tushgan.