Davlat xizmatchilarining mehnatiga haq toʻlash tizimi takomillashtiriladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev davlat fuqarolik xizmatchilarining oylik ish haqi tizimi va mehnatga haq toʻlash shartlarini muvofiqlashtirish boʻyicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Ma’lum qilinishicha, mehnatga haq toʻlash tizimini tartibga soluvchi yagona huquqiy hujjat mavjud emas. Aksariyat davlat organlarida qoʻllanilayotgan mehnatga haq toʻlash shartlari boʻyicha 50 dan ortiq alohida normativ hujjat amal qilmoqda.
Shu bois, davlat fuqarolik xizmatchilari mehnatiga haq toʻlashning yagona, ochiq va natijaga asoslangan tizimini joriy etish taklif qilindi.
Yangi tizim bilan 54 ming nafar davlat xizmatchisini qamrab olish koʻzda tutilgan. Davlat organlari milliy, respublika, hududiy hamda tuman va shahar darajalariga, xodimlar esa bajaradigan vazifalariga qarab ma’muriy boshqaruv, asosiy va qoʻllab-quvvatlash guruhlariga ajratiladi.
Xalqaro tajriba asosida 11 ta razryad va 6 ta pogʻonadan iborat yangi ish haqi setkasini joriy etish taklif qilindi. Oʻndan ortiq ustama va mukofotlar oʻrniga uchta asosiy ragʻbatlantirish toʻlovi joriy etiladi.
Jumladan, malaka darajasi, xodimning funksional vazifalarni bajarishi, ijro va mehnat intizomi, tashabbuskorligi asosida baholanadigan samaradorlik koʻrsatkichlari – KPI uchun ustama toʻlanadi.
Shuningdek, muhim va murakkab vazifalarni bajargan, innovatsion yondashuvlarni joriy etgan hamda yuqori natija koʻrsatgan xodimlarga hisobot davri yakunlari boʻyicha bonus toʻlovlari berish nazarda tutilmoqda.