Markaziy bank asosiy stavkani 14 foiz darajasida qoldirdi
Markaziy bank Boshqaruvi 2026-yil 29-iyul kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida qoldirish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, iyun oyida yillik umumiy inflyatsiya 6,4 foiz, bazaviy inflyatsiya esa 5,7 foizni tashkil etdi. 2026-yil yakunida inflyatsiya 6,5 foiz atrofida, iqtisodiy o‘sish esa 7,5–8 foiz bo‘lishi prognoz qilinmoqda.
Qayd etilishicha, iyun oyida energiya resurslari va ko‘mir narxlarining oshishi inflyatsiyaga qisqa muddatli bosim ko‘rsatgan.
Markaziy bank pul-kredit siyosati inflyatsiyani 5 foizlik maqsadli darajaga tushirish, makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash hamda aholining xarid qobiliyatini saqlab qolishga qaratilganini ta’kidladi.
Asosiy stavka bo‘yicha navbatdagi yig‘ilish 2026-yil 16-sentabr kuni bo‘lib o‘tadi.