Toshkentda narkotik moddalar savdosi bilan shug‘ullangan uch nafar xorijlik ushlandi
“Xavfsiz va sog‘lom yurt” tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida Davlat xavfsizlik xizmati va Toshkent shahar IIBB xodimlari tomonidan narkotik moddalar savdosi bilan shug‘ullangan uch nafar Ukraina fuqarosi qo‘lga olindi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 12-iyun kuni O‘zbekistonga kelgan 1994, 1997 va 2001-yillarda tug‘ilgan uch nafar Ukraina fuqarosining Yashnobod tumanida vaqtincha yashab turgan ikki xonadoni ko‘zdan kechirildi.
Tekshiruv davomida poytaxtning turli hududlarida “zakladka” usulida tarqatish uchun tayyorlangan gashish, mefedron va alfa-PVP turidagi narkotik moddalar aniqlandi. Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, musodara qilingan moddalarining umumiy og‘irligi 1 kilogramm 945 grammni tashkil etgan.
Shuningdek, internet orqali faoliyat yurituvchi narkodo‘kon tashkilotchilari tomonidan keyinchalik tarqatish uchun yashirib qo‘yilgan 460 gramm mefedron va alfa-PVP ham ashyoviy dalil sifatida olindi.
Mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 273-moddasi 6-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.