Guliston neft bazasi direktori lavozimidan ozod etildi
"O‘zbekneftgaz" AJ Axborot xizmati xabar berishicha, Jamiyat Boshqaruvi raisi Abdug‘ani Sanginov rahbarligida neft bazalarining 2026-yil birinchi yarim yillik faoliyati yakunlari muhokama qilindi.
Hisobot davrida 98,8 ming tonna neft mahsuloti realizatsiya qilinib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 129 foizlik o‘sish qayd etilgan. 14 ta neft bazasidan 11 tasi faoliyatini 12,3 mlrd so‘m sof foyda bilan yakunlagan.
Shu bilan birga, ayrim neft bazalarida mahsulot realizatsiyasi, AYOQShlar faoliyati samaradorligi hamda boshqaruvdagi kamchiliklar tanqid qilindi.
Guliston neft bazasi direktori mahsulot realizatsiyasi pasaygani, korxona zarar bilan ishlagani, AYOQShlar salohiyatidan to‘liq foydalanilmagani hamda berilgan topshiriqlar ijrosi ta’minlanmagani sababli lavozimidan ozod etildi.
Shuningdek, Kuchlik va To‘raqo‘rg‘on neft bazalari rahbarlaridan tushuntirish xatlari olinishi, Andijon neft bazasi rahbariga esa so‘nggi marta ogohlantirish berilishi belgilandi.