O‘zbekistonda elektr energiyasi iste’moli bo‘yicha yangi rekord qayd etildi
O‘zbekiston yagona energetika tizimida 2026-yil 18-iyul kuni yozgi mavsum uchun sutkalik elektr energiyasi iste’moli 294,4 mln kVt·soatni tashkil etib, yangi rekord qayd etildi.
Energetika vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, mazkur ko‘rsatkich o‘tgan yil yozgi mavsumidagi eng yuqori natijadan 21,8 mln kVt·soatga (8 foiz), shuningdek, 17-iyul kuni qayd etilgan hajmdan 1 mln kVt·soatga (0,34 foiz) yuqori bo‘lgan.
Shu kuni yagona energetika tizimining maksimal yuklamasi 13,7 GVtga yetdi.
Shu bilan birga, sutkalik elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi ham 297,1 mln kVt·soatni tashkil etib, yangi rekord o‘rnatildi. Bu avvalgi rekordga nisbatan 1 mln kVt·soatga (0,34 foiz) yuqori ko‘rsatkichdir.
19-iyul kuni ham anomal issiq havo saqlanib qolayotgani sababli yagona energetika tizimining yuklamasi 13,4 GVtga yetdi. Bu esa dam olish kunlarida ham elektr energiyasiga bo‘lgan talab yuqori darajada saqlanib qolayotganini ko‘rsatmoqda.
Yuqori yuklamalar sharoitida energetika tizimi korxona va tashkilotlarining tezkor xizmatlari kuchaytirilgan tartibda faoliyat olib bormoqda.