Anomal issiq fonida O‘zbekistonda elektr iste’moli va ishlab chiqarish rekord darajaga yetdi

Asosiy rasm

Energetika vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, anomal issiq ob-havo sharoitida O‘zbekiston yagona energetika tizimida elektr energiyasi iste’moli hamda ishlab chiqarish hajmi tarixiy rekord darajaga yetdi.

Xususan, 2026-yil 16-iyul kuni sutkalik elektr energiyasi iste’moli 291 mln kVt·soatni tashkil etib, yangi rekord qayd etildi. Bu o‘tgan yilgi yozgi mavsumda qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkichdan 18,4 mln kVt·soatga yoki 6,7 foizga ko‘pdir.

Shuningdek, shu kuni sutkalik elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi ham 295,4 mln kVt·soatni tashkil etib, yangi rekord o‘rnatildi. Bu 15-iyul kuni qayd etilgan 291,4 mln kVt·soatlik ko‘rsatkichdan 4 mln kVt·soatga yoki 1,37 foizga ko‘pdir.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, anomal issiq sharoitida ochiq havoda joylashgan elektr uzatish tarmoqlari va uskunalari me’yoriy ish haroratidan ancha yuqori darajada qiziydi. Bunga qo‘shimcha ravishda, ayniqsa kunduzgi vaqtlarda elektr energiyasi iste’molining keskin oshishi tarmoqlardagi yuklamani yanada kuchaytiradi.

Oddiy qilib aytganda, quyosh ta’sirida tashqaridan qizigan kabel va uskunalar bir vaqtning o‘zida minglab konditsionerlar, muzlatkichlar, sovutish uskunalari hamda boshqa elektr jihozlari ishlashi sabab ichkaridan ham qiziydi. Bu esa ularning ishdan chiqishi yoki avariyaga sabab bo‘lishi xavfini oshiradi.

Shunday vaziyatlarda energotizimda yirik nosozliklarning oldini olish maqsadida dispetcherlik xizmatlari elektr uzatish tarmoqlaridagi yuklamani kamaytirish choralarini ko‘radi.

Jumladan, ayrim elektr uzatish tarmoqlarida yuklama kritik darajaga yaqinlashganda, uskunalarni himoya qilish maqsadida ayrim hududlar qisqa muddatga elektr ta’minotidan uzib turilishi mumkin.

Ayrim hududlardagi elektr uzatish tarmoqlarida o‘ta yuklama yuzaga kelishining oldini olish maqsadida qisqa muddatli majburiy cheklovlar – 2 soatgacha bo‘lgan uzilishlar joriy etildi.

Xususan, Qashqadaryo viloyatining Ko‘kdala va Chiroqchi tumanlaridagi 1 750 ta iste’molchi, Jizzax viloyatining Sharof Rashidov va Zomin tumanlaridagi 1 200 ta iste’molchi, Xorazm viloyatining Shovot, Gurlan va Qo‘shko‘pir tumanlaridagi 1 300 ta iste’molchi, Toshkent viloyatining Toshkent va Zangiota tumanlaridagi 1 000 ta iste’molchi vaqtincha elektr ta’minotidan uzildi.

Elektr tarmoqlarida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni tezkor bartaraf etish maqsadida hududlarda tunu kun faoliyat yuritayotgan maxsus avariya brigadalari tashkil etilgan.

Energetika vazirligi fuqarolarni elektr energiyasidan oqilona va tejamkor foydalanishga chaqirdi.



Teglar: Teglar yo'q
Ulashish:

O'xshash maqolalar

Sharhlar (0)

Hali sharhlar yo'q. Birinchi sharhni siz qoldiring!

Sharh qoldiring