"E-bozor" yagona raqamli platformasi bosqichma-bosqich joriy etiladi
Hukumatning "Bozorlar va savdo komplekslarida raqamlashtirish ishlarini samarali tashkil etish hamda maishiy korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, "Soliq" axborot tizimlari kompleksi tarkibida "E-bozor" yagona raqamli bozor platformasi joriy etiladi. Platforma 2026-yil 1-oktabrgacha sinov tariqasida ishga tushiriladi, 2027-yil 1-martgacha esa to‘liq foydalanishga topshiriladi.
Platformada bozorlar va savdo komplekslarining pasporti, manzili, bo‘sh savdo shoxobchalari hamda savdo o‘rinlari to‘g‘risidagi ma'lumotlar ochiq e'lon qilib boriladi. Shuningdek, fuqarolar bozorlar faoliyati haqida ma'lumot olish, bozor ma'muriyatiga elektron murojaat yuborish va javob olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Qarorga muvofiq, Soliq qo‘mitasi platforma operatori sifatida uni doimiy takomillashtirib boradi. Har bir bozor va savdo kompleksiga soliq xodimlari biriktiriladi, kunlik tushumlar monitoring qilinadi.
Bundan tashqari, bozorlar hududidagi avtoturargohlarda to‘lovlarni yagona QR-kod orqali amalga oshirish imkoniyati yaratiladi hamda tadbirkorlik subyektlarini to‘liq onlayn nazorat-kassa texnikalari yoki QR-kodli to‘lov tizimlari bilan ta'minlash choralari ko‘riladi.