Shavkat Mirziyoyev kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari bilan tanishdi
Shavkat Mirziyoyev neft-gaz tarmog‘ida 2026–2027-yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari yuzasidan axborot bilan tanishdi.
Unda aholi, ijtimoiy soha obyektlari va iqtisodiyot tarmoqlarini energiya resurslari bilan barqaror ta’minlashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar ko‘rib chiqildi. Xususan, tabiiy va suyultirilgan gaz yetkazib berish, magistral hamda hududiy gaz tarmoqlarini ta’mirlash, yoqilg‘i zaxiralarini shakllantirish va avariya-tiklash brigadalarining shayligini ta’minlash bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Ma’lum qilinishicha, mavsumga qadar 53,7 kilometr nuqsonli magistral gaz quvurlari almashtiriladi, kompressor stansiyalaridagi 77 ta gaz haydash agregati mukammal ta’mirlanadi.
Shuningdek, 881 ta mahalladagi 220 ming xonadonning gaz ta’minotini yaxshilash maqsadida uch bosqichli taqsimlash tizimidan ikki bosqichli tizimga o‘tkazish rejalashtirilgan. Buning doirasida 711,9 kilometr gaz tarmog‘i hamda 400 ta gaz taqsimlash punkti mukammal ta’mirlanadi va rekonstruksiya qilinadi.
Yig‘ilishda aholi va ijtimoiy soha obyektlarini suyultirilgan gaz bilan ta’minlash masalasi ham muhokama qilindi. Kuz-qish mavsumida 325,7 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazib berish, jumladan, borish qiyin bo‘lgan 229 ta qishloqdagi 104,7 ming iste’molchiga 8,2 ming tonna gaz yetkazish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, qish mavsumi uchun yoqilg‘i zaxiralarini yaratish bo‘yicha ham choralar ko‘rilmoqda. Xususan, dekabr–yanvar oylarida 120 ming tonna avtobenzin zaxirasini shakllantirish rejalashtirilgan.