Bojxona qo‘mitasi: 6 oyda qiymati 48,5 mlrd so‘mlik noqonuniy tamaki mahsulotlari musodara qilindi

Asosiy rasm

Bojxona qo‘mitasining navbatdagi brifingida elektron tamaki mahsulotlarining noqonuniy olib o‘tilishi hamda ularning mamlakat ichidagi yashirin aylanmasiga qarshi bojxona organlari tomonidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida ma’lumot berildi.

Ta’kidlanishicha, 2025-yil 27-noyabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga ba’zi turdagi tamaki mahsulotlarining, tamakini va nikotinni iste’mol qilish moslamalarining muomalasiga doir talablarni yanada kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq, nikotinli snyuslar hamda tamakini qizdirish tizimlarini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish va muomalaga kiritish uchun ma’muriy hamda jinoiy javobgarlik belgilangan.

Brifingda qayd etilishicha, joriy yilning dastlabki 6 oyi davomida bojxona organlari tomonidan tamaki mahsulotlarini bojxona chegarasi orqali noqonuniy olib kirish va ichki hududlarda muomalaga kiritish bilan bog‘liq 759 ta holat aniqlangan. Natijada 48,5 milliard so‘mlik tamaki mahsulotlari musodara qilingan.

Shuningdek, aniqlangan holatlarning 185 tasida qiymati 4,2 milliard so‘mlik 58 ming 403 quti nikotinli snyus mahsulotlarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yilgan.

Ma’lum qilinishicha, nikotinli snyuslarni noqonuniy olib kirishga uringan fuqarolarning 15 nafari ushbu huquqbuzarlikni takroran sodir etgan bo‘lib, ulardan 7 nafariga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.

Bojxona qo‘mitasi fuqarolarga respublika hududida muomalasi taqiqlangan tamaki mahsulotlari, nikotin yetkazib berishning elektron tizimlari, jumladan elektron sigaretalarni tayyorlash, olish, saqlash, tashish, realizatsiya qilish, O‘zbekiston hududiga olib kirish yoki undan olib chiqish taqiqlanganini hamda bunday qilmishlar uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilanganini eslatdi.

Teglar: Teglar yo'q
Ulashish:

O'xshash maqolalar

Sharhlar (0)

Hali sharhlar yo'q. Birinchi sharhni siz qoldiring!

Sharh qoldiring