«O‘zbekgidroenergo»da elektr energiyasi ishlab chiqarish 24 foizga oshdi
2026-yilning yanvar–sentabr oylarida «O‘zbekgidroenergo» AJ 6 milliard 642,7 million kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqardi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 24 foizga ko‘p. Ma’lumotlar 3-noyabr kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida taqdim etildi.
To‘qqiz oylik ishlab chiqarish rejasi 120 foizga bajarilgan. Shuningdek, jamiyat tarixida ilk bor bir kunda elektr ishlab chiqarish hajmi 50 million kVt·soatdan oshgan.
Yil davomida umumiy quvvati 74,3 MVt bo‘lgan 9 ta energetika loyihasi ishga tushirilgan. Ular qatorida yangi gidroelektr stansiyalari va 20 MVt quvvatli Chorbog‘ shamol elektr stansiyasi bor. Loyihalar hisobiga 120 ga yaqin ish o‘rni yaratilgan.
Hisobot davrida 151,9 million dollar investitsiya o‘zlashtirilgan, shundan 48,7 million dollari to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Anjumanda mamlakatdagi GESlar soni 106 taga, ularning umumiy o‘rnatilgan quvvati esa 2,5 GVtga yetgani ham ma’lum qilindi.