Profilaktika inspektorlari faoliyati va jamoat xavfsizligi tizimi isloh qilinadi

Asosiy rasm

Prezident Shavkat Mirziyoyev jamoat xavfsizligini ta’minlash hamda profilaktika inspektorlari faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.

Taqdimotda profilaktika inspektorlarining maqomi va vakolatlarini kuchaytirish, ularning faoliyatini samarali tashkil etish hamda jamoat xavfsizligi tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan qator takliflar ko‘rib chiqildi.

Xususan, profilaktika inspektorining kasbiy faoliyatiga aralashish, unga xizmat vazifalariga taalluqli bo‘lmagan topshiriqlar va asossiz yuklamalar berishni taqiqlash nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, davlat organlari profilaktika inspektorining so‘roviga 10 kun ichida yozma javob berishi, uning taqdimnomalari esa zudlik bilan ko‘rib chiqilib, bir oy muddatda yozma javob yuborilishi belgilanmoqda.

Takliflarga ko‘ra, profilaktika inspektorlari har chorakda aholi oldida hisobot beradi. Agar fuqarolarning 50 foizdan ortig‘i xodimga nisbatan ishonchsizlik bildirsa, uning lavozimga loyiqligi qayta ko‘rib chiqiladi.

Bundan tashqari, hokimliklar tomonidan inspektorlarni xizmat uyi va xizmat xonalari bilan ta’minlash, shuningdek, ularga 18 ta modda bo‘yicha ma’muriy ogohlantirish qo‘llash vakolatini berish rejalashtirilgan.

Taqdimotda Jamoat xavfsizligi universitetini transformatsiya qilish, kunduzgi ta’lim kvotasini 600 nafargacha, masofaviy ta’lim kvotasini esa 300 nafargacha oshirish takliflari ham ilgari surildi.

Teglar: Teglar yo'q
Ulashish:

O'xshash maqolalar

Sharhlar (0)

Hali sharhlar yo'q. Birinchi sharhni siz qoldiring!

Sharh qoldiring