“O‘zarxiv” agentligi: 2026-yilning birinchi yarim yilligida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 176 ta funksiya tahlil qilindi
“O‘zarxiv” agentligida 2026-yilning birinchi yarim yilligida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimining amal qilishi holatiga bag‘ishlangan brifing o‘tkazildi. Unda korrupsiyaning oldini olish, manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish va xodimlar orasida halollik tamoyillarini mustahkamlash borasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ma’lumot berildi.
Ma’lum qilinishicha, e-anticor.uz elektron platformasi orqali agentlik va uning tizimidagi 176 ta funksiya tahlil qilingan. Natijada 2 ta funksiya yuqori, 21 ta funksiya o‘rta va 153 ta funksiya past darajadagi korrupsiyaviy xavfga ega deb baholangan.
Hisobot davrida agentlik hamda uning hududiy boshqarmalari rahbar va xodimlari tomonidan taqdim etilgan 1 801 ta ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi deklaratsiyasi o‘rganib chiqilgan.
Shuningdek, jami 282 ta targ‘ibot va tushuntirish tadbiri tashkil etilib, xodimlar korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy asoslari, manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish hamda xizmat odobi qoidalari bo‘yicha o‘qitilgan.
Monitoring va nazorat ishlari doirasida Samarqand, Navoiy hamda Xorazm viloyatlarida 3 ta o‘rganish o‘tkazilgan. Ta’kidlanishicha, bu kabi chora-tadbirlar tizimda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash hamda korrupsiyaviy xavflarni barvaqt aniqlashga xizmat qiladi.