O‘zbekistonda foydalanish muddati o‘tgan avtomobillarni utilizatsiya qilish tizimi joriy etiladi
O‘zbekistonda foydalanish muddati o‘tgan transport vositalarini utilizatsiya qilish hamda ularning tarkibiy qismlarini qayta ishlashning samarali tizimini yaratish bo‘yicha ishlar boshlangan. Mazkur tashabbus atrof-muhitni muhofaza qilish, zararli tashlamalarni kamaytirish va aylanma iqtisodiyot tamoyillarini keng joriy etishga qaratilgan.
Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi Axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, ishlab chiqarilganiga 30 yil va undan ortiq vaqt bo‘lgan avtomobillar egalaridan bozor qiymatida xarid qilinib, utilizatsiyaga yuboriladi.
Avtotransport egalari bilan hisob-kitob bir necha shaklda amalga oshirilishi mumkin. Xususan, yangi avtomobil xarid qilish uchun boshlang‘ich to‘lov sifatida elektron vaucher taqdim etiladi yoki ushbu vaucher mablag‘i naqdlashtirib beriladi.
Elektron vaucherlardan foydalangan holda iste’molchilar O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan yangi avtomobillarni imtiyozli shartlarda xarid qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bunda vaucherda ko‘rsatilgan summa miqdorida chegirma taqdim etiladi, qolgan to‘lov esa bir yildan ortiq muddat davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lanishi mumkin.
Shuningdek, eski avtomashinasini belgilangan muddatda utilizatsiyaga topshirmagan fuqarolar uchun yiliga bir marotaba bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravari miqdorida ekologik kompensatsiya to‘lovi joriy etilishi rejalashtirilmoqda.
Ta’kidlanishicha, mazkur chora-tadbirlar yo‘l harakati xavfsizligini oshirish, ekologik barqarorlikni ta’minlash hamda aylanma iqtisodiyot tamoyillarini amaliyotga keng tatbiq etishga xizmat qiladi. Tabiatni asrash esa, avvalo, inson salomatligi va kelajak avlodlar farovonligini ta’minlash demakdir.