Namanganda 80 ming dollar qalbaki valyutani sotishga uringan shaxslar ushlandi
Davlat xavfsizlik xizmati hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda uch nafar fuqaro qalbaki AQSH dollarlarini muomalaga kiritishga uringan vaqtida qo‘lga olindi.
Aniqlanishicha, gumonlanuvchilar qalbaki 80 ming AQSH dollarini haqiqiy 40 ming AQSH dollariga sotishga kelishgan. Ular ushbu noqonuniy bitimni amalga oshirish chog‘ida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur shaxslar qalbaki 100 dollarlik kupyuralardan iborat jami 100 ming AQSH dollarini muomalaga chiqarishni rejalashtirgan. Soxta pullar xorijda tayyorlanib, aylanma yo‘llar orqali O‘zbekistonga olib kirilgani ma’lum bo‘lgan.
Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan voqeaning barcha holatlarini aniqlashga qaratilgan surishtiruv ishlari davom ettirilmoqda.